QORAQALPOG‘ISTON TIBBIYOT INSTITUTI PROFESSORI XALQARO ONKOLOGIK FORUMDA ISHTIROK ETDI
29.07.2026 Поделиться
2026-yil 1–4-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan XII xalqaro onkologik «Белые ночи» forumida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti «Xirurgik kasalliklar va transplantologiya» kafedrasi professori M. Kabulov ishtirok etdi.

Forum davomida professor M. Kabulov o‘zining ilmiy ma’ruzasi bilan qatnashib, shuningdek, 4-seksiya ishiga raislik qildi.


Mazkur nufuzli xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V. Putin ishtirok etib, forum qatnashchilariga tabrik yo‘lladi.
Professor M. Kabulov 2008-yildan buyon Rossiya klinik onkologlar jamiyati a’zosi hisoblanadi hamda har yili ushbu xalqaro forum faoliyatida tashkilotchilar tarkibida ishtirok etib kelmoqda. Uning forumdagi muntazam ishtiroki Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.
An’anaviy tarzda Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazib kelinayotgan «Белые ночи» xalqaro onkologik forumi dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi onkologlar, jarrohlar, radioterapevtlar, kimyoterapevtlar, genetik olimlar hamda sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarini bir maydonga jamlab, ilmiy yutuqlar, zamonaviy davolash usullari va ilg‘or tajribalar almashinuvi uchun muhim xalqaro platforma vazifasini o‘tamoqda.
Professor M. Kabulovning mazkur nufuzli forumdagi faol ishtiroki Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiyot sohasidagi zamonaviy ilmiy yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish hamda ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi izchil faoliyatining yorqin ifodasidir.

