Qish faslida talaba-qizlar holati doimiy e’tiborda
22.01.2026 Поделиться
Qish mavsumida havo haroratining keskin pasayishi sharoitida talaba-qizlarning sog‘ligi, ruhiy holati hamda o‘quv jarayoniga moslashuvini o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur doirada institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Z.Erimbetova, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchilari, psixolog hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talaba-qizlar bilan uchrashuv va ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida talaba-qizlarning sog‘lig‘i, ruhiy holati, kayfiyati va yangi semestrdagi o‘quv jarayoniga moslashuvi yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, ularni qiziqtirayotgan savollar, mavjud muammolar va takliflar atroflicha muhokama qilinib, amaliy tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, talabalar turar joyidagi yashash sharoitlari, xonalar holati, yong‘in va texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi o‘rganildi. Talaba-qizlarga xonalarni ozoda saqlash, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Institut rahbariyati tomonidan talaba-qizlarning farovonligi, xavfsizligi va sifatli ta’lim olishi doimiy e’tiborda.
QTI Matbuot xizmati