BAKALAVRIAT

Аbiturientlarga eslatma

  2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi.

  Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish my.uzbmb.uz saytining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limi orqali amalga oshirilmoqda.

  Ro‘yxatga olish 2024-yil 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

  Yuqoridagi videoqo‘llanma orqali ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

Davlat grantiga oid o‘zgarishlar:

— yangi o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga grant bir o‘quv yili uchun ajratiladi;

— grant birinchi kursda belgilangan kvotaga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;

— ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi, ya’ni kimlargadir 100% lik grant, kimlargadir 50% lik grant va h.k.;

— stipendiya faqat to‘liq (100% lik) grantni yutgan talabalarga to‘lanadi;

— turli imtiyozlar asosida yoki maqsadli qabul doirasida o‘qishga kirgan talabalarga davlat granti ularning o‘qish davri uchun to‘liq hajmda beriladi (o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar);

— grantda o‘qigan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Prezident farmoniga ko‘ra, joriy yilda ilk marta qabul jarayonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich: abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi;

Ya’ni birinchi bosqichda oliy ta’lim muassasasi tanlanmaydi. Abituriyentlar faqat qaysi fandan, qaysi tilda, qaysi hududda test topshirishini belgilaydi.

Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqich: abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaychi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.

  O‘qishga kira olmaganlar nima qiladi?

Mabodo abituriyentlar oliygohlarga kira olmasa, unda testda to‘plagan bali bilan kollej va (yoki) texnikumni tanlashi mumkin. O‘qishga kira olmaganlar uchun kollej yoki texnikum tanlashga OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng yana 10 kun muddat beriladi.

© 2024 kkmi