
Xalqaro hamkorlik sari yana bir qadam!
04.09.2025 Поделиться
Koryo universiteti hozirda Koreya Respublikasi Ta’lim vazirligi va Koreya Milliy tadqiqot jamg‘armasi ko‘magida “Xalqaro hamkorlikning yetakchi universitetlari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash loyihasi”ni amalga oshirmoqda.
Shu loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bilan 2022–2028-yillarga mo‘ljallangan “Atrof-muhit va salomatlik” loyihasi ustida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha asosiy maqsadi – institutda ilmiy-amaliy va nazariy laboratoriya bazasini yaratish orqali ekologik salomatlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirishdir.
2025-yil 23–31-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasiga tashrif buyurib, Koryo universitetida ekologik salomatlik bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy seminarida faol ishtirok etdi.
Delegatsiya a’zolari o‘z ilmiy taqdimotlari bilan qatnashib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tashrif davomida ular:
🔹 Koryo universitetining asosiy kampusi
🔹 Sejong Environmental laboratoriyasi
🔹 Nanjicheon suvni qayta ishlash markazi
🔹 Incheon sog‘liq va atrof-muhit tadqiqot instituti
🔹 Metropolitan poligon boshqarmasi faoliyati va zamonaviy ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bu safar Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti jamoasi uchun nafaqat yangi bilim va tajribalar manbai, balki xalqaro hamkorlik doiralarini yanada kengaytirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.


