
Rektor tabrigi
01.09.2025 Поделиться
Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar va qadrli hamkasblar! Barchangizni yurtimiz hayotidagi eng ulug‘ va qadrli sana — O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik biz, tibbiyot sohasi vakillariga, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy tibbiy bilim va tajribalarni yoshlarga yetkazish imkoniyatlarini berdi. Bugun sog‘liqni saqlash tizimidagi yangilanishlar, ilm-fan sohasidagi yutuqlar, tibbiy ta’limning sifat jihatidan yuksalishi — barchasi mustaqilligimiz samarasidir.
So‘nggi yillarda tibbiyot institutlarida yaratilayotgan sharoitlar, zamonaviy klinikalar, yangi laboratoriyalar ochilishi — yosh avlodni malakali shifokor va olim sifatida tarbiyalashda keng yo‘l ochib bermoqda.
Bizning institutimiz ham ana shu ezgu maqsadlarga hissa qo‘shib, bilimli, tashabbuskor va fidoyi yosh kadrlarni tayyorlashda davom etmoqda.
Hurmatli ustozlar va aziz talabalar!
Sizlarni mustaqilligimizning 34 yillik bayrami bilan yana bir bor tabriklar ekanman, xalqimizning salomatligi va baxt-saodati yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, kelajagimiz esa yorug‘ va sog‘lom bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Olimbay Xalimov
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori