
Huquqiy ong va huquqiy madaniyat – demokratik jamiyat taraqqiyotining asosi
25.08.2025 Поделиться
Hozirgi kunda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalasi beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Chunki qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda qonuniylik va adolatni qaror toptirish – avvalo, aholining huquqiy savodxonligiga bevosita bog‘liq.
Huquqiy ong – shaxs va jamiyatning qonunlarga munosabati, ularning mazmun-mohiyatini anglashi va qonunga amal qilishga bo‘lgan ichki ishonchidir.
Huquqiy madaniyat esa – qonun talablariga amal qilish, huquqiy bilimlarni hayotga tatbiq etish, huquqbuzarlikka murosasizlik kabi xulq-atvorda namoyon bo‘ladi.
Huquqiy madaniyatli fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini to‘g‘ri anglaydi, qonunlar asosida ish yuritadi va jamiyat manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo‘ya oladi.
Mamlakatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim muammolar ham mavjud:
• aholining huquqiy bilimlari yetarli emas;
• oila, mahalla va fuqarolik institutlarining huquqiy tarbiyadagi ishtiroki to‘liq ta’minlanmagan;
• davlat organlari qarorlari ustidan sudga murojaat qilish amaliyoti past;
• yot g‘oyalar va zararli axborotlarga qarshi huquqiy immunitet yetarli darajada shakllanmagan.
Shu boisdan, aholida qonunlarga hurmat ruhini kuchaytirish, huquqiy savodxonlikni oshirish hamda yoshlarda qonuniylikka sodiqlik tuyg‘usini qaror toptirish – bugungi kunning ustuvor vazifasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-sonli Farmoni hamda 2024-yil 24-maydagi PF-80-sonli Farmoni huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha muhim qadam bo‘ldi. Ularda aholi huquqiy savodxonligini oshirish, adliya organlari mas’uliyatini kuchaytirish, “Adolat kuni” tadbirlari va “Huquqiy yordam” aksiyalari orqali fuqarolarga yaqindan xizmat ko‘rsatish belgilangan.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishda ta’lim tizimi alohida o‘rin tutadi.
• Maktabgacha ta’lim – bolalarda qonunga hurmat hissini tarbiyalaydi.
• Maktab – Konstitutsiya va qonunlarni sodda tilda o‘rgatish imkonini beradi.
• Oliy ta’lim – talabalarning huquqiy tafakkurini chuqur shakllantiradi, korrupsiyaga qarshi immunitetini kuchaytiradi.
Bunda buyuk allomalar asarlari, Konstitutsiya va qonunlar, Prezident asar va nutqlari, xalqaro konvensiyalar asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish – qonun ustuvorligini ta’minlashning eng muhim omilidir. Bu jarayonda davlat organlari, ta’lim muassasalari, oila va mahallaning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Huquqiy madaniyatli fuqaro – bu qonunlarga amal qiladigan, o‘z huquq va majburiyatlarini to‘g‘ri anglaydigan, jamiyat manfaatlariga sodiq inson. Demak, qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish – demokratik huquqiy davlat barpo etishning asosiy kafolatidir.
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti Komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i Q.Jamalov