Kuzatuv kengashi nizomi
Qoraqalpogʼiston tibbiyot instituti
Kuzatuv kengashi majlisining
2022 yil 09- fevraldagi
1-son bayonnomasiga 1-ilova
Qoraqalpogʼiston tibbiyot institutining
Kuzatuv kengashi toʼgʼrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom Qoraqalpogʼiston tibbiyot instituti Kuzatuv kengashi (keyingi oʼrinlarda Kuzatuv kengashi deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
- Kuzatuv kengashi Oʼzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʼgʼrisida”gi Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi PF–5847-son Farmoni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ–60-son va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ–61-son qarorlari hamda boshqa oliy taʼlim va ilmiy faoliyat sohasida normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etiladi hamda Qoraqalpogʼiston tibbiyot institutining (keyingi oʼrinlarda Institut deb ataladi) boshqaruv organlari hisoblanadi.
- Kuzatuv kengashi yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat roʼyxatidan oʼtkazilmaydi. Kuzatuv kengashi oʼz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
- Kuzatuv kengashi oʼz faoliyatini Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek Institut Ustavi va ushbu nizomga muvofiq amalga oshiradi.
- Kuzatuv kengashi tarkibiga vazirlik va idoralarning, kadrlar buyurtmachilarining, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari, jamoatchilik vakillari, xomiylar, shuningdek Institut faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishdan manfaatdor boʼlgan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar kirishi mumkin.
- Institut Kuzatuv kengashining tarkibi Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Kuzatuv kengashining vazifalari va vakolatlari
- Kuzatuv kengashining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
Institutning uzoq va oʼrta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori oʼrinlaridan joy olishi boʼyicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;
Institutning oʼrta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;
taʼlim yoʼnalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar boʼyicha toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga qabul parametrlarini belgilash toʼgʼrisida qaror qabul qilish;
Institutning oldiga qoʼyilgan vazifalar ijrosi, maqsadli koʼrsatkichlarga erishish holati boʼyicha rektor va prorektorlar faoliyatini oʼrganish hamda axborotini eshitish;
Institutning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat oʼtkazish uchun qoʼshimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;
Institutni rivojlantirish va uning moliyaviy faoliyati bilan bogʼliq masalalarni hal etish, shu jumladan nodavlat notijorat tashkiloti koʼrinishida maqsadli kapital jamgʼarmasini shakllantirish;
ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlaridan kelib chiqib, Institutning innovatsion va boshqa jamgʼarmalar mablagʼlarini sarflash tartibi va yoʼnalishlarini belgilash;
Institut rektori va xodimlari hamda professor-oʼqituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;
Institut hamda uning huzuridagi taʼlim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-oʼqituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq toʼlash miqdori va samaradorlik mezonlariga asoslangan ragʼbatlantirish tartibini belgilash;
Institutning byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini belgilash.
Kuzatuv kengashi amaldagi qonunchilik xujjatlariga, mazkur nizomda va Institut ustaviga muvofiq boshqa vakolatlarga xam ega boʼlishi mumkin. - Kuzatuv kengashi oʼziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:
Institutdan Kuzatuv kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur maʼlumotlar va axborotlarni belgilangan tartibda oladi;
mazkur nizom asosida tayyorlangan Institut Kuzatuv kengashining Nizomini tasdiqlaydi;
Institutda kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash boʼyicha takliflar ishlab chiqadi;
Institut rektoriga Institut xodimlari va talabalarini moddiy va maʼnaviy ragʼbatlantirish toʼgʼrisida tavsiyanomalar beradi.
III. Kuzatuv kengashi tarkibi, ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar
- Kuzatuv kengashi ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Kuzatuv kengashi vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha aʼzolarining teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.
Kuzatuv kengashi, qoidaga koʼra, Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi), raisning oʼrinbosari, kotib va aʼzolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Kuzatuv kengashining soni toq boʼladi. Kuzatuv kengashining shaxsiy tarkibi va rahbariyatidagi oʼzgarishlar, qoidaga koʼra, bir yilda bir marta amalga oshiriladi va Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Institut rektori lavozimiga koʼra Kuzatuv kengashi aʼzosi hisoblanadi.
Institut rektori Kuzatuv kengashi raisi etib tayinlanishiga yoʼl qoʼyilmaydi. - Kuzatuv kengashi tarkibining kamida 70 foizi Sogʼliqni saqlash vazirligi, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat boʼladi.
Institut rektori va prorektorlari Kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. - Kuzatuv kengashi oʼz vakolatlarini Institut kengashiga topshirishga, shuningdek, Institut kengashiga kiruvchi vakolatlarni oʼz zimmasiga olishga haqli.
Kuzatuv kengashi oʼz vakolatlarini Institut rektoriga berish huquqiga ega emas. - Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi):
Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kuzatuv kengashi qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Kuzatuv kengashining yillik ish rejasini tasdiqlaydi, shuningdek Kuzatuv kengashining yillik ish rejasi bajarilishi toʼgʼrisidagi hisobotni Kengash muhokamasiga qoʼyadi;
Kuzatuv kengashi aʼzolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda Kuzatuv kengashi nomidan vakillik qiladi;
Kuzatuv kengashining samarali ishlashini taʼminlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. - Kuzatuv kengashi raisi oʼrinbosarining vakolatlari Kuzatuv kengashining qarori bilan belgilanadi.
- Kuzatuv kengashi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Kuzatuv kengashi majlislarida koʼrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda qatnashish;
Institutda (hamda uning filiallarida) taʼlim jarayonini rivojlantirishning dolzarb masalalari boʼyicha Kuzatuv kengashiga takliflar kiritish;
Kuzatuv kengashi tomonidan koʼrib chiqiladigan masalalar boʼyicha xulosa taqdim etish. - Kuzatuv kengashi aʼzolari Kuzatuv kengashi tarkibida oʼz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
Kuzatuv kengashi aʼzolari majlisda shaxsan qatnashishi kerak. Bunday qatnashishning imkoni boʼlmagan taqdirda Kuzatuv kengashi aʼzosi majlisning kun tartibi boʼyicha oʼz fikrini Kuzatuv kengashiga yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
Kengash aʼzosi kengashning yigʼilishlarida 3 marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, u Kengash aʼzolari tarkibidan chiqariladi. - Kuzatuv kengashi kotibi:
Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkiliy-texnik taʼminlaydi;
Kuzatuv kengashi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʼz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
majlisni oʼtkazish muddatlari va joyini Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) bilan kelishadi;
kun tartibi masalalari boʼyicha Kuzatuv kengashi majlislari oʼtkazilishini tashkil etadi;
Kuzatuv kengashi aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, kun tartibi loyihasi, majlisni oʼtkazish vaqti va joyidan xabardor qiladi;
Kuzatuv kengashi qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;
Kuzatuv kengashi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kuzatuv kengashi aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
Kuzatuv kengashi kotibi Kuzatuv kengashi aʼzosi hisoblanadi.
IV. Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etish
- Kuzatuv kengashining vakolatiga tegishli masalalar boʼyicha qarorlar uning majlislarida qabul qilinadi.
- Kuzatuv kengashi oʼz ishini oʼzi tasdiqlagan reja asosida amalga oshiradi.
Kuzatuv kengashi majlisi zaruriyatga koʼra, biroq xar chorakda kamida bir marta, zarur xollarda axborot-kommunikatsiya vositalarini qoʼllagan xolda masofaviy tarzda, oʼtkazadi.
Kuzatuv kengashi raisi tomonidan uning aʼzolarining yozma murojaatlari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Iltimosnomalarda navbatdan tashqari majlisni chaqirishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak. - Kuzatuv kengashi aʼzolari masalani Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibiga kiritish toʼgʼrisida yozma taklif yuborishga haqlidir. Masalani kun tartibiga kiritish toʼgʼrisidagi taklifda masalaning aniq taʼrifi, maʼruzachining familiyasi, ismi va otasining ismi, taklif etilayotgan qaror loyihasi va Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalasi boʼyicha materiallar koʼrsatilishi kerak.
Uzil-kesil kun tartibi Kuzatuv kengashi majlisida tasdiqlanadi.
Kuzatuv kengashi majlisida Kuzatuv kengashi kun tartibida koʼrsatilmagan masalalar koʼrib chiqilmaydi. - Kuzatuv kengashi majlisini Kuzatuv kengashi raisi, u boʼlmagan taqdirda esa – hamrais yoki Kuzatuv kengashi raisining oʼrinbosari boshqaradi.
Kuzatuv kengashi majlisini oʼtkazish uchun kvorum Kuzatuv kengashining tayinlangan aʼzolari sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat boʼlishi kerak.
Majlisni oʼtkazish uchun kvorum yoki rais (hamrais) va uning oʼrinbosari boʼlmaganda Kuzatuv kengashi majlisini oʼtkazishning yangi sanasi eʼlon qilinadi. - Kuzatuv kengashi majlisida koʼrib chiqiladigan masalalarning xususiyatidan kelib chiqib vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, Institutning professor-oʼqituvchilari va xodimlari, boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.
- Kuzatuv kengashi raisiga Kuzatuv kengashi majlisi oʼtkaziladigan sanagacha kamida 7 kalendar kundan kechikmay Kuzatuv kengashi kotibi tomonidan:
Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi loyihasi;
Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari boʼyicha Kuzatuv kengashi qarorlari loyihalari;
Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari boʼyicha hujjatlar va axborot materiallari taqdim etiladi. - Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) yoki rais oʼrinbosari tomonidan maʼqullangan kun tartibi loyihasi va tegishli materiallar Kuzatuv kengashi majlisi oʼtkaziladigan sanagacha besh kundan kechikmay Kuzatuv kengashi aʼzolariga yuboriladi.
Аyni bir vaqtda Kuzatuv kengashining har bir aʼzosiga Kuzatuv kengashi majlisi oʼtkazilishi toʼgʼrisidagi xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma elektron, faksimil aloqa, telefonogramma orqali yoki Kuzatuv kengashi aʼzosiga shaxsan topshirish yoʼli bilan yuborilishi mumkin va Kuzatuv kengashi majlisi oʼtkaziladigan sana, vaqt va joy toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni oʼz ichiga olishi lozim. - Kuzatuv kengashi majlisiga axborotlar (materiallar) Kuzatuv kengashining kotibi tomonidan Institutning tegishli boʼlinmalari bilan birgalikda tayyorlanadi.
- Zaruriyat boʼlganda Kuzatuv kengashi majlisi oʼtkaziladigan sana, vaqt va joy Kuzatuv kengashi aʼzolari koʼpchiligining roziligi bilan oʼzgartirilishi (yoki kechiktirilishi) mumkin.
- Kuzatuv kengashi majlisida qarorlar kengash aʼzolarining koʼpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari boʼyicha qarorlar qabul qilishda Kuzatuv kengashining har bir aʼzosi bir ovozga ega boʼladi. Kuzatuv kengashi aʼzolari ovozlari teng boʼlgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Ovozning Kuzatuv kengashi bir aʼzosi tomonidan Kuzatuv kengashining boshqa aʼzosiga berilishiga yoʼl qoʼyilmaydi. - Quyidagi masalalar boʼyicha qaror Kengashning majlisida qatnashgan aʼzolarining kamida toʼrtdan uch qismining ovozlari bilan qabul qilinadi:
Institutning uzoq va oʼrta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash;
Institutning uzoq va oʼrta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash;
taʼlim yoʼnalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar boʼyicha toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga qabul parametrlarini belgilash toʼgʼrisida qaror qabul qilish;
Institutning byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash. - Kuzatuv kengashi majlisida bayonnoma yuritiladi. Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasi majlis oʼtkazilgan sanadan boshlab besh kundan kechikmay rasmiylashtiriladi.
- Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasida:
majlis oʼtkazilgan joy va vaqt;
Kuzatuv kengashi majlisida ishtirok etgan shaxslar;
Kuzatuv kengashi majlisining kun tartibi;
ovoz berishga qoʼyilgan masalalar, ular boʼyicha ovoz berish yakunlari;
qabul qilingan qarorlar koʼrsatiladi. - Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasi raislik qiluvchi va Kuzatuv kengashi majlisida ishtirok etgan aʼzolar tomonidan imzolanadi.
Kuzatuv kengashining sirtdan ovoz bergan aʼzolarining yozma shaklda ifodalangan va ularning oʼz qoʼllari bilan imzolangan fikri Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasiga qoʼshib qoʼyiladi. - Kuzatuv kengashi bayonnomalari asl nusxalari saqlanishini Kuzatuv kengashi kotibi taʼminlaydi.
Bayonnomalarga xronologik tartibda tartib raqamlari qoʼyiladi, mufassal tartib raqamiga, alohida hujjatlar yigʼma jildiga ega boʼladi va foydalanish cheklangan axborotlarga ega boʼlgan hujjatlar uchun belgilangan tartibda saqlanadi. - Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) tomonidan tasdiqlangan majlis bayonnomalari Kuzatuv kengashi kotibi tomonidan ular tasdiqlangandan soʼng 5 kun ichida Kuzatuv kengashi raisi va aʼzolariga yuboriladi.
- Kuzatuv kengashi bayonnomasining asl nusxasi va uning materiallari Institutda saqlanadi.
Institutning rektori Kuzatuv kengashi hujjatlarining belgilangan tartibda saqlanishi uchun javobgardir. - Kuzatuv kengashi kotibi Kuzatuv kengashi aʼzolarining yordamida Kuzatuv kengashi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʼrganadi va koʼrib chiqadi, zaruriyat boʼlganda, Kuzatuv kengashi raisiga (hamraisiga) tegishli takliflar kiritadi.
Kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holatini oʼz majlislarida muntazam ravishda koʼrib boradi. - Kuzatuv kengashining ish tartibi Kuzatuv kengashi tasdiqlaydigan reglamentda belgilanadi.
V. Yakuniy qoidalar
- Kuzatuv kengashi oʼz vakolati doirasiga kirmaydigan ishlarga aralashsa yoki oʼz vazifalarini toʼliq taʼminlay olmasa, oʼrnatilgan tartibda tarqatib yuboriladi. Bunda, Kuzatuv kengashining yangi tarkibi mazkur Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan talablar asosida qayta shakllantiriladi.
- Kuzatuv kengashi aʼzolariga mazkur Nizomda belgilanmagan vakolatlarga ega boʼlishlariga, Institut rektorining qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlariga aralashishiga yoʼl qoʼyilmaydi.
- Kuzatuv kengashining faoliyatiga Institut rektori, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar aralashuviga yoʼl qoʼyilmaydi.
- Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʼlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʼladilar.
- Mazkur Nizom tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
- Mazkur Nizomga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.