Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir QTIda bo‘lib o‘tdi

02.12.2025

8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida Bosh qomusimizning 33 yilligi keng nishonlandi. Tadbir davlat madhiyalari yangrashi bilan boshlandi va institut rektori O.Xalimov tomonidan kirish so‘zi bilan ochib berildi.

Tantanali yig‘ilishda Jo‘qorg‘i Kengesning agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B.Torebekov, Oliy sudining sudyasi A.Saparov, institut dekanlari, o‘rinbosarlar, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida ta’kidlanganidek, mamlakatimizning asosiy qonuni – Konstitutsiya inson huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning mustahkam huquqiy poydevori hisoblanadi.

1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning qadimiy mentaliteti va urf-odatlari, zamonaviy demokratik tamoyillar, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida mamlakat taraqqiyotining bosh mezoniga aylangan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda davlat boshqaruvida qonun ustuvorligini ta’minlash, yangicha davlat siyosatini shakllantirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab o‘tishdi. Ayniqsa, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijasida Konstitutsiyaning yangi tahrirda qabul qilinishi barcha sohalarda, jumladan, ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar va yangilanishlar uchun huquqiy asos yaratgani alohida qayd etildi.

Konstitutsiyada yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, intellektual va ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur tamoyillar belgilangan. Shu maqsadda, Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim muassasalari sonining ortishi, institutlarning moddiy-texnik bazasining mustahkamlanishi, qabul kvotalarining ko‘paytirilishi, ayniqsa, qo‘shimcha grant o‘rinlarining ajratilishi — Bosh Qomusimizda belgilangan normalarning hayotdagi yorqin ko‘rinishlaridir.

Bugun yurtimiz yoshlari ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa ko‘plab sohalarda erishayotgan yutuqlar aynan shu imkoniyatlar samarasidir. Tadbir davomida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Z.Aleuov Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirishlar, yangi tahrirning mazmun-mohiyati hamda uning bugungi kundagi dolzarbligi haqida batafsil ma’ruza qildi. Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan prinsiplarning ta’lim tizimida namoyon bo‘layotgan amaliy natijalari haqida ma’lumotlar berildi.

QTIda o‘tkazilgan mazkur tadbir nafaqat Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligini munosib nishonlashga, balki talabalarda yurtga sadoqat, qonunlarga hurmat va huquqiy madaniyatni mustahkamlashga xizmat qildi.

QTI Matbuot kotibi

© 2025 kkmi
PHP Code Snippets Powered By : XYZScripts.com