Xalqaro xamkorlik

XALQARO HAMKORLIK

Qoraqalpog’iston tibbiyot instituti xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni o’z faoliyatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Institut ta’lim, ilmiy-tadqiqot va klinik faoliyatni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ilg’or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo’yicha izchil ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xalqaro hamkorlik institutning ta’lim sifati va ilmiy salohiyatini oshirish, professor-o’qituvchilar va talabalarning xalqaro akademik almashinuvini rivojlantirish, qo’shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda zamonaviy tibbiyot yutuqlarini o’quv jarayoniga tatbiq etishda muhim o’rin tutadi.

Xalqaro bo’limning asosiy vazifalari

Institutning Xalqaro bo’limi xalqaro aloqalarni rivojlantirish va muvofiqlashtirish bilan shug’ullanadi. Bo’limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va tibbiyot tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatish va rivojlantirish;
  • memorandumlar, hamkorlik shartnomalari va strategik sheriklik bitimlarini tayyorlash hamda ularning ijrosini muvofiqlashtirish;
  • professor-o’qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalar akademik almashinuvini tashkil etish;
  • qo’shma ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari, grantlar, xalqaro konferensiyalar va seminarlarni tashkil etish;
  • xorijiy professorlar, ekspertlar va mutaxassislarni institutga jalb etish hamda ularning ishtirokida mahorat darslari va malaka oshirish kurslarini o’tkazish;
  • xorijiy fuqarolarni institutga o’qishga qabul qilish va ularga zarur tashkiliy-uslubiy ko’mak ko’rsatish;
  • institutning xalqaro reytinglardagi o’rnini mustahkamlash va xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirish.

Xalqaro hamkorlik ko’rsatkichlari

Bugungi kunda institut:

  • 23 ta nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasasi va xalqaro tashkilot bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan;
  • 7 ta davlat — Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog’iston Respublikasi, Avstriya Respublikasi, Hindiston va Amerika Qo’shma Shtatlari bilan rasmiy memorandum va hamkorlik shartnomalarini imzolagan;
  • hamkor davlatlarga rasmiy delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirib, uzoq muddatli va barqaror xalqaro aloqalarni shakllantirgan;
  • barcha hamkor davlatlar bilan akademik almashinuv, ilmiy hamkorlik va malaka oshirish yo’nalishlarida hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda.

Institut tashkil etilganidan buyon Turkmaniston va Qozog’iston, Hindston fuqarolari institutda tahsil olib, tibbiyot sohasida malakali mutaxassis bo’lib yetishgan. Hozirgi vaqtda esa institutda ta’lim olish istagida bo’lgan xorijiy fuqarolardan 300 nafardan ortiq ariza kelib tushgan bo’lib, bu institutning xalqaro miqyosdagi nufuzi va jozibadorligi yildan-yilga ortib borayotganini ko’rsatadi.

Xalqaro hamkor tashkilotlar

Institut quyidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, klinikalar va tashkilotlar bilan memorandum hamda hamkorlik shartnomalarini imzolagan:

Rossiya Federatsiyasi

  • M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti;
  • N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti;
  • MIFI Milliy tadqiqot yadro universiteti;
  • Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti;
  • M.F. Vladimirskiy nomidagi Moskva viloyati ilmiy-tadqiqot klinik instituti;
  • Kazan (Volga) Federal universiteti;
  • Boshqird davlat tibbiyot universiteti.

Turkiya Respublikasi

  • Necmettin Erbakan universiteti;
  • Sağlık Bilimleri Üniversitesi;
  • Afyonkarahisar Sog’liqni saqlash fanlari universiteti.

Xitoy Xalq Respublikasi

  • Tianjin Medical University;
  • Shinjon tibbiyot universiteti.

Qozog’iston Respublikasi

  • Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti;
  • Astana tibbiyot universiteti;
  • Janubiy Qozog’iston tibbiyot akademiyasi;
  • M.A. Aytxoja nomidagi Molekulyar biologiya va biokimyo instituti;
  • Al-Farabiy nomidagi Qozoqiston Milliy universiteti;
  • S.D. Asfandiyarov nomidagi Qozoqiston Milliy tibbiyot universiteti;
  • «Akusherlik, ginekologiya va perinatologiya» ilmiy markazi.

Avstriya Respublikasi

  • Medical University of Vienna huzuridagi Center for Public Health.

Hindiston

  • Apollo Hospitals;
  • Era University;
  • INDUS GROUPS LLC;
  • M.D. HOUSE PVT. LTD.

Amerika Qo’shma Shtatlari

  • The William Novick Global Cardiac Alliance.

Germaniya Federativ Respublikasi

  • DÜRR DENTAL kompaniyasi.

O’zbekiston Respublikasi

  • Webster University in Tashkent;
  • OOO GETWORK xususiy bandlik agentligi.

Mazkur hamkorliklar professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo’shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, malaka oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro konferensiyalarni tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Akademik almashinuv

Institut barcha hamkor davlatlar bilan akademik almashinuv dasturlarini yo’lga qo’ygan. Ushbu dasturlar doirasida professor-o’qituvchilar, doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar o’zaro tajriba almashish, stajirovka o’tash, qo’shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda xalqaro konferensiya va seminarlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’lmoqda.

Akademik almashinuv natijasida institut professor-o’qituvchilari xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo’lsa, xorijiy professor va mutaxassislar institutga tashrif buyurib, zamonaviy tibbiyotning dolzarb yo’nalishlari bo’yicha ma’ruza va amaliy mashg’ulotlar o’tkazib kelmoqda.

Xorijiy professorlar ishtirokidagi ilmiy-amaliy faoliyat

2025-yilda Janubiy Koreyaning Korea University bilan hamkorlik doirasida «Atrof-muhit va salomatlik» xalqaro loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Loyiha doirasida Korea University professori Lee Seung Kil, Korea University College of Medicine professori Jaewook Choi, EHS Technology & Consulting kompaniyasi bosh direktori Lee Dong Hyun, shuningdek Korea University doktorantlari Kim Yuna, Yun Hyo Jin, Choo Insun, Jeong Eui Ha va **Lee Ga Young, Avstriyadan Hanns Michael Moshammer Tibbiot fanlari doktori ** institutga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida:

  • professor-o’qituvchilar va talabalar uchun zamonaviy tibbiyot hamda jamoat salomatligi bo’yicha ochiq ma’ruzalar tashkil etildi;
  • atrof-muhit va salomatlik yo’nalishida ilmiy seminarlar va amaliy mashg’ulotlar o’tkazildi;
  • yosh olimlar va doktorantlar bilan ilmiy tajriba almashildi;
  • qo’shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro grantlarda ishtirok etish masalalari muhokama qilindi;
  • ekologiya, epidemiologiya va jamoat salomatligi yo’nalishlarida zamonaviy ilmiy yondashuvlar bo’yicha mahorat darslari tashkil etildi.

Mazkur tashriflar institut professor-o’qituvchilari va talabalarining xalqaro tajribasini boyitish, ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhim hissa qo’shdi.

© 2026 kkmi
PHP Code Snippets Powered By : XYZScripts.com