YANGI O‘QUV YILI — YANGI MAQSADLAR BILAN!
02.09.2026 Поделиться
Bugun, 2-sentyabr kuni yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishi — Bilimlar kuni munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tantanali bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori O. Хalimov Nukus shahridagi 28-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etdi.
Tadbir davomida maktab jamoasi, ustoz va murabbiylar hamda o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, yosh avlodga puxta bilim olish, ezgu maqsadlar sari intilish va kelajakda Vatanimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘z navbatida, yosh avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ularning har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishi mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omili ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida an’anaviy birinchi qo‘ng‘iroq yangrab, maktab o‘quvchilari uchun yangi bilimlar, yangi marralar va unutilmas taassurotlarga boy o‘quv yiliga start berildi.
Bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyat, ezgu tilaklar va badiiy chiqishlar bilan davom etdi.
Yangi 2026–2027-o‘quv yili barcha o‘quvchi va ustozlar uchun omadli, sermazmun va muvaffaqiyatlarga boy bo‘lsin!




