Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Tibbiyot institutida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” konserti bo‘lib o‘tdi

18.03.2026

Bugun Qoraqalpog‘iston Tibbiyot institutida Millatlararo totuvlik kuniga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusidagi konsert tadbiri muvaffaqiyatli tashkil etildi. Tadbirga institutning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, shuningdek, mahalliy jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Tadbirni QTI rektori Olimboy Xalimov ochib berdi. U so‘z davomida ko‘p millatli xalqimizning azaldan shakllangan totuvligi, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti hamda institutdagi tinch va ijodiy muhit haqida batafsil ma’lumot berdi. Rektor, shuningdek, bunday tadbirlarning yosh avlodni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

So‘zga chiqqan Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Alisher Allaniyazov bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat islohotlari, ko‘p millatli xalqning totuvligi va mintaqalardagi notinch vaziyatlarda tinchlikning ahamiyati haqida so‘zlab o‘tdi. U, shuningdek, ko‘p millatli xalqning hamjihatligi va birlik ruhini yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Konsert dasturida talaba-yoshlar turli millatlarning milliy liboslarida sahnaga chiqib, rang-barang urf-odatlar, an’anaviy raqs va kuy-qo‘shiqlarni namoyish etdilar. Ushbu chiqishlar tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi va millatlararo do‘stlik hamda bag‘rikenglik ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbirning asosiy maqsadi turli elat vakillari o‘rtasida tinchlik, totuvlik va o‘zaro hurmatni yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekistonda turli millatlar bir oiladek inoq yashamoqda va bunday madaniy tadbirlar ular o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, konsert davomida talabalarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan ko‘rgazmalar, milliy liboslar va sahnadagi ijodiy chiqishlar har bir xalqning boy madaniy merosini aks ettirdi. Tadbir doirasida ijodiy chiqishlar orqali bir-birini tushunish va qadrlash muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu tadbir Qoraqalpog‘iston Tibbiyot instituti jamoasi va talaba-yoshlarining ko‘p millatli madaniyatga hurmat bilan qarashini, shuningdek, yosh avlodni bag‘rikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan faoliyatini yana bir bor tasdiqladi.

QTI Matbuot xizmati

© 2026 kkmi
PHP Code Snippets Powered By : XYZScripts.com