Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti va Turkiyaning “Sağlık Bilimleri” universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi
21.05.2026 Поделиться

Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — “Sağlık Bilimleri” universiteti rektori Prof. Doktor Kemalettin Aydin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari nomzodi Olimboy Xalimov hamda Prof. Doktor Kemalettin Aydin ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tibbiy ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, akademik almashinuv va xalqaro hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.
Tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy tibbiy ta’lim tajribalarini amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash, tibbiy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tashrif doirasida Prof. Doktor Kemalettin Aydin Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi bolalar klinikasida bo‘lib, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida klinikada bolalar salomatligini muhofaza qilish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish hamda amaliy tibbiy ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, klinikaning zamonaviy tibbiy jihozlari, davolash bo‘limlari va bemorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar namoyish etildi.Prof. Doktor Kemalettin Aydin muassasada sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.








