XITOYLIK MUTAXASSISLAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
22.09.2026 Поделиться
Bugun Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan an’anaviy xitoy tabobati mutaxassislari ishtirokida uchrashuv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tadbirni institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M. Kurbanazarov olib bordi. Uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda Xitoydan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Tashrif doirasida Zhang Yanfeng — Tuina bo‘limi bosh vrachi o‘rinbosari, Xitoy–O‘zbekiston an’anaviy xitoy tabobati markazining 7-tibbiy guruhi rahbari, Aizimaitijiang Kaiseer — reabilitatsiya bo‘limi shifokori, Li Xin — akupunktura bo‘limi shifokori hamda Xiermaimaiti Xiaokaiti — Tuina bo‘limi shifokori ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida an’anaviy xitoy tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan uyg‘unligi, ilg‘or tajribalarni ta’lim va amaliyotga tatbiq etish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xitoylik mutaxassislar tomonidan Tuina muolajalari, akupunktura, reabilitatsiya va an’anaviy xitoy tabobatining boshqa amaliy usullari bo‘yicha seminar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur tashrif institutning Xitoy Xalq Respublikasi bilan tibbiy ta’lim, ilmiy-amaliy hamkorlik va tajriba almashish yo‘nalishlaridagi aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti Matbuot xizmati









