ISH BERUVCHILAR FIKRI — TA’LIM SIFATINING MUHIM MEZONI
11.08.2026 Поделиться
Bugun Nukus shahridagi Respublika tez tibbiy yordam markazida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi doirasida o‘rganish jarayoni tashkil etildi.
So‘rovnomaning asosiy maqsadi — bitiruvchilarning mehnat bozoriga qanchalik tayyor ekanini ish beruvchilar bahosi orqali aniqlash, ularning kasbiy bilimi, amaliy ko‘nikmalari va zamonaviy ish talablariga moslashuvchanligini o‘rganishdan iborat.
O‘rganish jarayonida Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston filiali direktori Ilyas Nurimbetov bilan suhbat o‘tkazilib, markazning faoliyati, ish jarayonlari, tibbiy xizmatlarni tashkil etish tartibi hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar yuzasidan ma’lumotlar olindi.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari, jamoada ishlash qobiliyati, mas’uliyati va mehnat faoliyatiga moslashuvi kabi jihatlar yuzasidan savollarga javoblar berildi.
Tashrif davomida Respublika tez tibbiy yordam markazining simulyatsion markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Unda tibbiyot xodimlarining amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy uskunalardan foydalanish hamda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Mazkur so‘rovnoma orqali ish beruvchilarning bugungi bitiruvchilar tayyorgarligiga bergan bahosi bilan bir qatorda, kelgusida mehnat bozorida talab etiladigan bilim va ehtiyojlar ham o‘rganilmoqda.
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti uchun ham ish beruvchilarning bitiruvchilar tayyorgarligiga bergan bahosi ta’lim jarayonini takomillashtirish, amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish va ta’limning amaliyot bilan integratsiyasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.








