YOSHLAR UCHUN KENG IMKONIYATLAR: TA’LIM VA TARAQQIYOT
21.09.2026 Поделиться
«KECHA VA BUGUN»

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi tibbiyot tizimida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu jarayon nafaqat aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, balki soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bugun tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlarga nazar tashlar ekanmiz, kecha va bugun o‘rtasidagi farqni avvalo ta’lim, texnologiya va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarda ko‘rish mumkin.
Tibbiyot azaldan chuqur bilim, yuksak mas’uliyat va inson hayotiga daxldor kasb sifatida alohida o‘rin egallab kelgan. Biroq zamon taraqqiy etgani sari shifokor va tibbiyot mutaxassisiga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgarib bordi. Hozirgi kunda tibbiyot talabasidan faqat nazariy bilimni o‘zlashtirish emas, balki amaliy ko‘nikmalarni egallash, klinik fikrlashni rivojlantirish, ilmiy ma’lumotlarni tahlil qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va zamonaviy tibbiy yondashuvlarni o‘zlashtirish talab etilmoqda.
Bugun mamlakatimizda tibbiy ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Xususan, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va ta’lim dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2026-yil sentyabr oyida e’lon qilingan yangi yondashuvlarga ko‘ra, “Davolash ishi” ta’lim yo‘nalishini 5+1 modeli asosidagi olti yillik “Umumiy tibbiyot” ta’lim dasturiga transformatsiya qilish rejalashtirilgan. Bunda besh yillik nazariy va amaliy ta’lim bir yillik uzluksiz klinik amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi. Mazkur yondashuv tibbiyot sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Zamonaviy tibbiyotni yuqori texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Diagnostika, laboratoriya tadqiqotlari, tibbiy axborot tizimlari va raqamli texnologiyalar tibbiy amaliyotning muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Bunday jarayonlar tibbiy ta’limga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bugun talaba zamonaviy laboratoriya jihozlari, axborot texnologiyalari va ilmiy ma’lumotlar bilan ishlash ko‘nikmasini egallashi zarur.
Mamlakatimizda tibbiy ta’lim tizimidagi yangilanishlar hududlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida tahsil olayotgan yoshlar zamonaviy tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallab, kelgusida sog‘liqni saqlash tizimida munosib o‘rin egallashga tayyorlanmoqda.
Ayniqsa, institutda talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilishi, raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarining rivojlantirilishi va kasbiy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish bugungi ta’lim jarayonining muhim jihatlaridan biridir. Bugungi talaba uchun imkoniyatlar faqat auditoriya bilan cheklanmaydi. U ilmiy konferensiyalarda ishtirok etishi, tadqiqot ishlarini olib borishi, zamonaviy axborot manbalari bilan ishlashi, xorijiy tajribani o‘rganishi va o‘z kasbiy yo‘nalishini erta belgilashi mumkin.
Bugun shifokor yoki tibbiy mutaxassis zamonaviy texnologiyalarni biladigan, ilmiy axborotni tahlil qila oladigan, amaliy ko‘nikmalarga ega va doimiy ravishda o‘z bilimini yangilab boradigan mutaxassis bo‘lishi kerak. Ayni paytda yurtimizda tibbiy ta’limni yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlar ham shu maqsadga — zamonaviy va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Bugun tahsil olayotgan talaba — ertangi tibbiyot taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadigan avlod vakilidir. Uning bilimi, izlanishi va kasbiga bo‘lgan mas’uliyati soha rivojining muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday keng imkoniyatlar va ulkan o‘zgarishlar davrida tahsil olayotganimdan mamnunman. Bugun biz yoshlar puxta bilim olish, ilmiy izlanishlar olib borish va o‘z salohiyatimizni ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlarga ega avlodmiz. Bu imkoniyatlar esa bizga nafaqat yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishimiz, balki ertangi tibbiyot taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish uchun ham mustahkam zamin bo‘lmoqda.
ODILOV DIYORBEK DILSHOD O‘G‘LI
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti
Tibbiy-biologik ish ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi