Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
04.06.2026 Поделиться

Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.


Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, ichki ishlar va adliya organlari vakillari, oliy ta’lim muassasalarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchilari, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlar hamda boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.

Tadbirda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova qatnashib, mazkur qarorning mazmun-mohiyati, yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash, oilaviy maslahat xizmatlari faoliyatini takomillashtirish hamda jamiyatda sog‘lom va mustahkam oilaviy muhitni shakllantirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Seminar davomida oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida huquqiy va ma’naviy madaniyatni yuksaltirish, erta nikoh va oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, shuningdek, oilalar bilan ishlashda idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.



Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan hududlarda oilaviy maslahat xizmatlarini samarali tashkil etish, yoshlarni mas’uliyatli oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida mazkur qarorda belgilangan vazifalarni hududlarda samarali amalga oshirish, oilaviy maslahat xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Qaror havolasi: https://lex.uz/pdfs/8210355

