QORAQALPOG‘ISTON TIBBIYOT INSTITUTIDA XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA ISH BOSHLADI
23.10.2026 Поделиться2026-yil 23-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida “Terapevtik kasalliklarni davolash va oldini olishning zamonaviy masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ikki kun davom etadigan mazkur anjuman tibbiyot sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish hamda xalqaro tajriba almashishni maqsad qilgan.
Konferensiyaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri M. Kurbanov ishtirok etib, soha vakillarini qutladi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini boshladi. Anjumanni Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori O. Xalimov olib bordi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarus davlatlaridan kelgan mutaxassislar hamda tibbiyot sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya gibrid formatda, jumladan, onlayn tarzda ham tashkil etilgan bo‘lib, bu turli hududlardagi mutaxassislarga ilmiy ma’ruzalar va muhokamalarda qatnashish imkonini bermoqda.
Konferensiyaning birinchi kuni dasturidan surunkali buyrak kasalliklarini erta aniqlash, qalqonsimon bez kasalliklari diagnostikasida sun’iy intellekt imkoniyatlari, qandli diabet va yog‘li jigar kasalligi, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, homiladorlik davridagi kamqonlik, telemeditsina hamda Orolbo‘yi aholisi salomatligiga oid dolzarb masalalar o‘rin oldi.
Ma’ruzalar davomida zamonaviy tibbiyot yutuqlari, kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash, profilaktika choralarini takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya 24-oktabr kuni ham davom etib, dasturga muvofiq ilmiy sessiyalar va mavzuli muhokamalar bilan o‘tkaziladi.
Mazkur xalqaro anjuman tibbiyot sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.








