DAVLAT AUDITI OLIY MAKTABI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
09.06.2026 Поделиться
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi Davlat auditi oliy maktabi vakillari hamda Nukus shahridagi umumta’lim maktablari bitiruvchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, oliy ta’lim muassasalaridagi yangi imkoniyatlar hamda Davlat auditi oliy maktabining faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Davlat auditi oliy maktabi vakillari tomonidan ushbu ta’lim muassasasining tashkil etilish maqsadi, mavjud ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, amaliyot va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, davlat auditi, moliyaviy nazorat va zamonaviy boshqaruv tizimlarida malakali mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.



Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri A. Ayapov olib bordi. U o‘z so‘zida yoshlarning kasb tanlashda ongli qaror qabul qilishi, zamonaviy va istiqbolli yo‘nalishlar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lishi muhimligini qayd etdi.Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Maktab bitiruvchilari o‘zlarini qiziqtirgan qabul tartibi, ta’lim jarayoni, amaliyot va kelgusidagi ish faoliyati bilan bog‘liq savollar bilan murojaat qildilar. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga atroflicha va batafsil javoblar berildi.



