YURAK SALOMATLIGI: XAVF OMILLARI VA PROFILAKTIKA
24.09.2026 Поделиться
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida talaba-yoshlar va soha mutaxassislari ishtirokida «Yurak salomatligi: xavf omillari va profilaktika» mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminar institutning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Z. Erimbetova tashabbusi bilan tashkil etilib, unda talaba-yoshlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish borasidagi bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarda asosiy ma’ruzachi sifatida oila tibbiyoti va ichki kasalliklar kafedrasi o‘qituvchisi A. Reyimbaeva ishtirok etdi. U tomonidan yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy xavf omillari, ularning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida yurak-qon tomir kasalliklari bugungi kunda aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim tibbiy muammolardan biri ekani, ularning rivojlanishida bir qator xavf omillari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Xususan, arterial gipertenziya, noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha tana vazni va semizlik, kamharakatlilik, qandli diabet, qonda xolesterin miqdorining yuqoriligi, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish hamda uzoq muddatli stress yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini oshiruvchi asosiy omillar sifatida qayd etildi.
Ma’ruzada ushbu xavf omillarini kamaytirish va salomatlikni mustahkamlashda sog‘lom turmush tarzining o‘rni alohida yoritildi. Jumladan, muvozanatli va to‘g‘ri ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik, tana vaznini me’yorda saqlash, zararli odatlardan voz kechish, arterial qon bosimi va xolesterin miqdorini nazorat qilib borish kasalliklarning oldini olishda muhim ekani tushuntirildi.
Shuningdek, seminarda yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning dastlabki belgilarini o‘z vaqtida aniqlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Talaba-yoshlarga infarkt va insultning asosiy alomatlari, bunday holatlarda tezkor tibbiy yordamga murojaat qilishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Ishtirokchilarga ko‘krak qafasida kuchli yoki siquvchi og‘riq, nafas qisishi, yuzning bir tomonida o‘zgarish, qo‘l yoki oyoqda to‘satdan kuchsizlik, nutqning buzilishi kabi belgilar kuzatilganda zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi.
Seminar davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassisdan tegishli javob va tavsiyalar oldilar.
Tadbir yakunida sog‘lom turmush tarziga amal qilish, kasalliklarning xavf omillarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, muntazam tibbiy nazoratdan o‘tish hamda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish inson salomatligini asrashda muhim omil ekani qayd etildi.





