“OILA SALOMATLIGI” MAXSUS O‘QUV DASTURI MUVAFFAQIYATLI YAKUNLANDI
29.06.2026 Поделиться
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining “Shifokorlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash” markazida Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi PF–88-son Farmoni hamda PQ–185-son qarori ijrosi doirasida “Oila salomatligi” maxsus o‘quv dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mazkur tajriba-sinov loyihasi doirasida Chimboy tumani oilaviy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan oilaviy shifokorlar uchun 10 oylik (1440 soatlik) gibrid ta’lim dasturi tashkil etildi.

O‘quv jarayonida tinglovchilar:
🔹 zamonaviy klinik protokollar asosida ishlash;
🔹 skrining va profilaktika tadbirlarini tashkil etish;
🔹 EKG, pikfloumetriya, otoskopiya, oftalmoskopiya, ginekologik ko‘riklar hamda boshqa amaliy ko‘nikmalarni simulyatsion markazda mustahkamlash;
🔹 “Onalar maktabi”, “Gipertoniklar maktabi” va “Astmatiklar maktabi” faoliyatini tashkil etish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.


Joriy yilning 29-iyun kuni dastur bo‘yicha barcha modullarni muvaffaqiyatli yakunlagan 30 nafar oilaviy shifokor OSKE, menejment va test sinovlarini topshirdi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori O. Xalimov tinglovchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularga sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdi.
Mazkur loyiha hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini takomillashtirish, oilaviy shifokorlarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.




