TINCHLIK — ENG OLIY NE’MAT, MA’RIFAT — JAHOLATGA QARSHI KUCH
02.10.2026 Поделиться
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida talaba-yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, ularni tinchlik va osoyishtalikni qadrlash ruhida tarbiyalash, turli yot g‘oyalar va zararli axborotlar ta’siridan himoya qilish maqsadida “Tinchlik — eng oliy ne’mat” hamda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Z. Aleuov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida yosh avlod tarbiyasida tinchlik va barqarorlikning ahamiyati, yoshlarning bilim va ma’rifatga intilishi hamda jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishi muhim ekanini ta’kidladi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi H. Ibrayimova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimi, podpolkovnik K. Kaniyazova, shuningdek, institutning “O‘zbek tili, tillar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) T. Pirniyazova ishtirok etib, mavzu yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Ma’ruzalar davomida tinchlik va osoyishtalikning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni, uni asrab-avaylashning ahamiyati, yoshlarning turli zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, jaholatga qarshi bilim va ma’rifat bilan kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlar orasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillarini mustahkamlash, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi turli axborotlarga tanqidiy yondashish, ishonchli manbalardan foydalanish hamda har qanday ma’lumotni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislar tomonidan yoshlarni ma’rifatli, bilimli va mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib bordilar. Savollarga tegishli mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv yoshlarning tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetishi, turli zararli ta’sirlarga nisbatan ogoh va hushyor bo‘lishi, bilim va ma’rifatga intilishini kuchaytirishga xizmat qildi.




