OTA-ONALAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
10.10.2026 Поделиться
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida talaba-yoshlarning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi. Unda talabalar xavfsizligini ta’minlash, ta’lim jarayoni va mavjud muammolarni hamkorlikda hal etish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Z. Aleuov olib bordi. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Nukus shahar bo‘limi mas’ullari hamda fakultet dekanlari ishtirok etdilar.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari o‘z chiqishlarida kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar, jumladan, is gazidan zaharlanish va yong‘in bilan bog‘liq xavfli holatlar, ularning ayanchli oqibatlari hamda oldini olish chora-tadbirlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida Z. Aleuov institutda talabalarning mavjud muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi. Shuningdek, ota-onalarni mazkur jarayonda institut bilan hamkorlik qilishga, farzandlarining ta’lim olishi, yashash sharoiti va xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarda o‘zaro hamjihatlikda ish olib borishga chaqirdi.
Bundan tashqari, fakultet dekanlari tomonidan ta’lim jarayonining kredit-modul tizimi, fanlarni o‘zlashtirish, talabalar davomati, akademik qarzdorlik va o‘quv intizomi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.



